Qidiruv:

Avtomashina olib qochgan shaxsga nisbatan sud hukmi o’qildi

Spirtli ichimlikni iste’mol qilish hech bir kishiga manfaat keltirmaydi, aksincha tubsiz jarlik sari yetaklaydi. Mirzaobodlik Botir ham tubsiz jarlik sari borayotganlarning biri edi. U 2021 yil 14 iyun kuni uyidan chiqib, yo’l-yo’lakay spirtli ichimliklar sotiladigan do’konda spirtli ichimlik iste’mol qilib, onasining holidan xabar olish uchun Xovos shaharchasiga boradi. Onasining uyida ham spirtli ichimlik iste’mol qilgach kayfi taranglashib, bemaqsad yo’lga chiqadi. Yo’lda fuqaro Tohirga tegishli bo’lgan bo’lgan “NEXIA” rusumli avtomashina qarovsiz turganligini ko’rib, avtomashina eshigi ochiq hamda avtomashina kaliti joyida turganligidan foydalanib, transport vositasini olib qochish maqsadida, avtomashina boshqaruv ruliga o’tirib, avtomashinani mast holatda olib qochib ketib, boshqaruvidagi avtomashinani Xovos tumanida hududidan o’tgan “M-34” yo’lining “Dushanbe-Toshkent” yo’nalishi bo’yicha boshqarib ketayotib, avtomashina rul boshqaruvini yo’qotib, yo’l transport hodisasi sodir etgan, B.ga oid jinoyat ishi jinoyat ishlari bo’yicha Mirzaobod tuman sudida ochiq sud majlisida ko’rib chiqildi, sud B.ning aybiga iqrorligi, jinoyatni ochishga faol yordam berganligi, jabrlanuvchidan kechirim so’rab yetkazilgan zarar o’rnini qoplaganligi, jabrlanuvchining da’vosi yo’qligini inobatga olib, unga O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi bilan to’rt yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Botirning spirtli ichimlik iste’mol qilganligi  qimmatga tushdi. U endi avvalgidek emin-erkin yura olmaydi. Chunki unga sud tomonidan ma’lum cheklovlar o’rnatilgan.

Fazliddin  Suvankulov

Jinoyat ishlari bo’yicha Mirzaobod tuman sudining raisi  

Taraqqiyot strategiyasi: sud-huquq sohasidagi islohotlarning yangi bosqichi

Mamlakatni modernizatsiya qilishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sud tizimini izchil demokratlashtirish, sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlashdir.

O‘tgan besh yil davomida 2017–2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi asosidagi islohotlar sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudlarning fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi roli va ahamiyatini oshirishga zamin yaratdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 fevraldagi PF-60-son “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonining qabul qilinishi yuqorida qayd etilgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Taraqqiyot strtegiyasida davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish hamda fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish asosiy maqsadlardan biri qilib belgilangan.

Xususan, ma’muriy sudlarda mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tizimini takomillashtirish orqali sud nazoratini qo‘llash sohasini kengaytirish nazarda tutilmoqda.

Sud protsessida tomonlarning haqiqiy tenglik va tortishuvlik tamoyillarini ro‘yobga chiqarish, bu borada protsessual qonunchilikda advokatning vakolatlarini, jumladan, dalilarni to‘plash va taqdim etish vakolatlarini kengaytirish nazarda tutilgan bo‘lib, mazkur vazifalar adolatli sud muhokamasi bo‘yicha xalqaro standartlarga to‘la muvofiq keladi.

Farmonga muvofiq, sudlar tizimida “yagona darcha” tamoyilini keng joriy etish maqsadida arizalarni sudga taalluqliligidan qat’iy nazar qabul qilish va vakolatli sudga yuborish hamda muayyan ish doirasida barcha huquqiy oqibatlarni hal qilishni ta’minlash tizimini joriy etish maqsadlari belgilandi.

Bunda fuqaro va tadbirkorlarni “eshikma-eshik sarson bo‘lishiga chek qo‘yish” maqsadida sudga berilgan da’vo arizasini taalluqli emasligi asosi bilan qaytarish ta’qiqlanadi, da’vo arizasini qabul qilgan sudning o‘zi uni ko‘rib chiqishga vakolatli sudga o‘tkazish nazarda tutiladi.

Shu bilan birga, sud tizimini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, byurokratik g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etish orqali fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini tubdan oshirish bo‘yicha ham aniq vazifalar belgilandi.

Jumladan, sud tizimini raqamlashtirish sudlarda ishlarni tez va sifatli ko‘rib chiqishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘lib, xalqaro maydonda O‘zbekistonning nufuzini oshirishda ham muhim o‘rin tutadi.  Endilikda sud muhokamasida onlayn ishtirok etish, sudga murojaat qilish va ko‘plab shunga o‘xshash xizmatlarni elektron tarzda amalga oshirish imkoni yaratilmoqda.

2022 yil 1 yanvardan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga da’vo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda taqdim etish amaliyoti joriy etildi.

“Xabeas korpus” institutini yanada rivojlantirish orqali tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish belgilangan bo‘lib, sud nazorati – jinoyat protsessida shaxsning sud himoyasida bo‘lish konstitutsiyaviy huquqini ta’minlash hamda protsess ishtirokchilari va fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan, ishni sudga qadar yuritish uchun vakolatli mansabdor shaxslarning iltimosnomalari va manfaatdor shaxslarning shikoyatlarini sud tomonidan ishni sudga qadar yuritish jarayonida ko‘rib chiqilishi va hal qilinishi orqali qonunan belgilangan protsessual shaklda amalga oshiriladigan faoliyatdir. Sud nazorati orqali ishni sudga qadar yuritish jarayonida qonuniylik ta’minlanadi.

Bundan tashari, nizolarni hal etishning muqobil usullaridan keng foydalanish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, yarashuv institutini qo‘llash doirasini yanada kengaytirish taraqqiyot strategiyasida belgilangan muhim vazifalardan biri bo‘lib, nizoni sudgacha olib bormasdan o‘zaro maqbul kelishuvga erishgan holda hal qilish imkoniyati ta’minlanadi.

Xulosa o‘rnida shuni alohida qayd etish lozimki, mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilgan tizimli va salmoqli islohotlar o‘tgan davr mobaynida sud hokimiyatni mustaqil va alohida hokimiyat tarmog‘i sifatida tashkil etish, uni jazolash organidan inson huquq va erkinliklarini muhofaza qiluvchi hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qiluvchi mustaqil institutga aylantirdi.

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistoning taraqqiyot strategiyasi “Inson qadri uchun”, “Davlat – inson uchun” degan ezgu g‘oyalarni hayotga joriy etishga yo‘naltirilgan bo‘lib, sudlar faoliyatini yanada takomillashtirib, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlanishga xizmat qiladi.

Mirzohid Xaydarov  

Sirdaryo viloyat ma’muriy sudining sudyasi

Sirdaryo tumanida 15 nafar nazorat ostidagi shaxslar muddatidan ilgari shartli ravishda jazodan ozod qilindi

Jinoyat ishlari boʼyicha Sirdaryo tumani sudining sudyasi S.Saribaev raisligida Sirdaryo tumani IIB probatsiya boʼlinmasi hisobida turgan jami 15 nafar nazorat ostidagi shaxslarni Oʼzbekiston Respublikasi JKning 73-moddasiga asosan, oʼtalmay qolgan jazosidan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish toʼgʼrisida sudga taqdimnomalar sud protsessida koʼrib chiqildi va barcha taqdimnomalar qanoatlantirildi.

Bundan tashqari sud jarayonida, jazoni oʼtashdan boʼyin tovlab kelgan G.D nisbatan kiritilgan taqdimnoma sud protsessida koʼrib chiqildi va jazosi boshqa jazoga almashtirish toʼgʼrisida ajrim chiqarildi.

Бугун сен судьясан

Ана шундай номланган лойиҳа сабаб ўқувчи ёшларда судга нисбатан холис фикр шаклланади. Сирдарё вилояти суди томонидан ўтказилаётган мазкур лойиҳа давомида мастер-класс ҳам ташкил қилинмоқда.

Mamlakatimizda oila va xotin-qizlarni tizimli qoʼllab-quvvatlashga doir ishlar yanada takomillashtiriladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan soʼnggi 5 yil ichida mamlakatimizda oila va xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sogʼligʼini saqlash, kasbga oʼqitish va bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, gender tenglikni taʼminlash borasida bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi.

Shu jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʼllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PF-87-sonli Farmoni qabul qilinishi ham istisno emas.

Mazkur Farmon bilan 2022 – 2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʼyicha Milliy dastur va 2022 -2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʼyicha Milliy dasturni 2022-2023 yillarda amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan.

Shu bilan birga ushbu Farmon bilan xotin-qizlarning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʼyicha chora-tadbirlar amalga oshirish bilan bir qatorda ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bilan bogʼliq bir nechta vazifalar va chora-tadbirlar amalga oshirish belgilangan.

Jumladan, Majburiy ijro byurosi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Аliment toʼlovlari” davlat maqsadli jamgʼarmasi tashkil etilishi va unga Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʼarmasi mablagʼlari hisobidan 50 milliard soʼm ajratilishi;

– sud qarori bilan aliment toʼlash majburiyati yuklatilgan shaxslardan belgilangan mablagʼlarni uch oy ichida undirish imkoni boʼlmagan hollarda “Аliment toʼlovlari” davlat maqsadli jamgʼarmasi mablagʼlari aliment toʼlovlari boʼyicha shakllangan qarzdorlikni bir yoʼla toʼlash uchun yoʼnaltirilishi hamda keyinchalik aliment toʼlash majburiyati yuklatilgan qarzdordan sud qarorisiz majburiy tartibda undirib olinishi;

– aliment boʼyicha qarzdorlik mavjud boʼlganda qarzdorlik toʼliq bartaraf etilguniga qadar qarzdorning transport vositasini boshqarish huquqini vaqtincha cheklash; qarzdorga litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega boʼlgan davlat xizmatlarini vaqtincha koʼrsatmaslik; aliment boʼyicha qarzdorlik mavjudligini nikoh tuzish uchun monelik qiladigan holat sifatida belgilangan.

Shuningdek, mazkur Farmonda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish hamda ularni tazyiq va zoʼravonlikdan keng himoya qilish maqsadida:

– tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi order sud tomonidan bir yil muddatgacha berilishini belgilash;

– chet el fuqarosi Oʼzbekiston Respublikasi hududida aliment majburiyatlarini bajarmaganlik uchun sudlangan yoki maʼmuriy javobgarlikka tortilgan boʼlsa, unga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasidan chiqarib yuborish va Oʼzbekiston Respublikasiga kirish huquqini cheklash boʼyicha majburlov choralarini qoʼllamaslik;

– ayolni oʼz homilasini sunʼiy ravishda tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;

– yaqin qarindoshi boʼlgan xotin-qizga qasddan tan jarohati yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;

– shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, shaʼni va nomusini kamsituvchi maʼlumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash;

– ikki oydan ortiq muddat mobaynida moddiy yordamga muhtoj boʼlgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy taʼminlashdan boʼyin tovlagan shaxsga nisbatan haq toʼlanadigan jamoat ishlariga yoki boshqa ishga majburiy jalb qilish tarzidagi maʼmuriy huquqbuzarlikka oid jazo turini belgilash nazarda tutilgan.

Xotin-qizlarni tizimli qoʼllab-quvvatlashga doir ishlar yanada takomillashtirish maqsadida:

– xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash;

– xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish;

– jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan va ixtisoslashtirilgan oʼquv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanayotgan xotin-qizlarni qoʼllab-quvvatlash;

– chet elga ishlash uchun ketgan xotin-qizlarni qoʼllab-quvvatlash, odam savdosining oldini olish;

– xotin-qizlarning manfaatlarini himoya qilish, onalik va bolalikni muhofaza qilish boʼyicha qabul qilingan xalqaro konventsiyalar va milliy qonunchilik normalari ijrosini monitoring qilish kabi chora-tadbirlar belgilangan.

Farmonda belgilangan vazifalar va mazkur vazifalar asosida qabul qilinadigan qonun hujjatlari oila va xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, ular orasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikni oldini olish, ularning huquqiy kafolatlari va gender tenglikni taʼminlash uchun zamin yaratadi.

S.Rustamov

Sirdaryo viloyat maʼmuriy

sudining sudьyasi

Sud jarayonida bolalar fikri qachon inobatga olinadi?

 

Oʼzbekiston Respublikasining Oila kodeksi 73-moddasida ota-ona oʼz bolalarini tarbiyalash huquqiga ega va tarbiyalashi shartligi, ota-ona oʼz bolalarining tarbiyasi va kamoloti uchun javobgarligi, ular oʼz bolalarining sogʼligʼi, jismoniy, ruhiy, maʼnaviy va axloqiy kamoloti haqida gʼamxoʼrlik qilishlari shartligi belgilab qoʼyilgan.

Ota-ona oʼz bolalarini tarbiyalashda boshqa barcha shaxslarga nisbatan ustun huquqqa ega boʼlib, ota-ona bolalarining qonun hujjatlarida belgilangan zarur darajada taʼlim olishini taʼminlashi shartligi ham koʼrsatilgan.

Halqimiz azaldan oilani muqaddas sanab kelib, oila — hayot abadiyligi va avlodlar davomiyligini taʼminlovchi qadriyatlar beshigi, kelajak avlodlar uchun betakror tarbiya qoʼrgʼoni ekanligini doim targʼib etib kelgan. Har bir inson oilada tugʼiladi va voyaga yetadi. Shunday ekan har bir bolaning kelajakda kim va qanday inson boʼlib kamol topishida oila muhim oʼrin tutadi.

Lekin hayot doim bir xil silliq oʼtmasligi xammaga ayon boʼlib, bugungi kunda arzimagan narsalar yoki biror bir sabab bilan oilaviy ajrimlar boʼlib, ularning oʼrtalaridagi farzand tarbiyasi muammoli holat boʼlib kelmoqda.

Natijada hozirgi kunda ikki oila yaʼni er va xotin oilaviy ajrimdan soʼng bir-biriga nafrat va gʼazab koʼzi bilan qarashligi, ikki avlod vakillari qaynona va qaynota, qayni va qaynogalar, kayin opa va qayin singillar jigarlarini va nabiralarini koʼrish ilinjida yursada, lekin ikkinchi tomonning ushbu talablariga oʼzaro rad etishligi, bir-biri bilan yuzlashish, gaplashish chogʼida biror bir huquqbuzarlikni sodir boʼlishi, bir-birini haqorat qilishi, mahallada esa ortiqcha notinchliklarning vujudga kelishligini kuzatib turibmiz.

BMTning “Bola huquqlari toʼgʼrisida”gi Konventsiyasining 12-moddasiga koʼra, oʼzining qarashlarini shakllantirishga qodir bola unga taʼsir etishi mumkin boʼlgan har qanday sud va maьmuriy ishlarda bevosita yoki qonuniy vakil orqali oʼz fikrini bildirish huquqiga ega. Mazkur huquq quyidagi ikkala holatga ham taaluqli – yaʼni bola bevosita sud ishtirokchisi boʼlgan fuqarolik ishlari va boshqa shaxslar tomonidan berilgan daʼvo arizasi asosida va bolaga taʼsir etishi mumkin boʼlgan sud ishlari (farzandlikka olish, ota-onasi alohida yashasa, bola kim bilan yashashini hal qilish va h.k).

Oʼzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 68-moddasiga muvofiq oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda bola oʼz fikrini ifoda qilishga, shuningdek har qanday sud muhokamasi yoki maьmuriy muhokama davrida soʼzlashga haqlidir.

Bolaning sudda oʼz fikrini bildirish huquqiga oid tushuntirishlarni Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qarorlarida ham kuzatish mumkin.

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sud Plenumining 2013 yil 11 dekabrdagi “Sudlar tomonidan farzandlikka olish haqidagi ishlar boʼyicha qonunchilikni qoʼllash amaliyoti toʼgʼrisida”gi qaroriga muvofiq oʼn yoshga toʼlgan bolani ishga qatnashishga jalb qilish masalasini hal etishda sud Oila kodeksining bola har qanday sud muhokamasi davrida soʼzlashga haqliligini nazarda tutuvchi 68-moddasi qoidalaridan kelib chiqishi lozim. Bolaning sudda ishtiroki unga noxush taʼsir etishi mumkinligini koʼrsatuvchi asoslar mavjud deb hisoblanganda, sud ushbu masala boʼyicha vasiylik va homiylik organining fikrini aniqlamogʼi lozim.

Bundan tashqari 1998 yil 11 sentyabrdagi Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Bolalar tarbiyasi bilan bogʼliq boʼlgan nizolarni hal qilishda sudlar tomonidan qonunlarni qoʼllash amaliyoti toʼgʼrisida”gi 23-sonli qaroriga koʼra sud boshqa-boshqa turadigan ota-onalar oʼrtasida boʼlgan ularning qaysi biri bilan qaysi bolasi yashash uchun qolishi toʼgʼrisidagi nizolarni hal etishda Oʼzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 71-moddasida belgilangan ota va onaning huquq va majburiyatlarining tengligiga asoslangan holda, voyaga yetmagan bolalarning manfaatlariga va xohishlariga mos keladigan hal qiluv qarori chiqarishi lozim.

Bunda sud ota-onadan birining moddiy-maishiy ahvoli ustunligining oʼzi bolani unga olib berish uchun asos boʼla oladigan shart hisoblanmasligini nazarga olgan holda, bolaning ota-onadan, aka-uka, opa-singillaridan qaysi biriga bogʼlanib qolganligini, ota-onadan qaysi biri bolalariga nisbatan koʼproq gʼamxoʼrlik va eʼtibor koʼrsatayotganligini, bolalarning yoshini va ota-onadan qaysi biriga koʼngil qoʼyganligini, ota-onaning axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlarini, ota-onaning har biri bilan bola oʼrtasidagi munosabatlarni, bolani tarbiyalash va uning kamoloti uchun shart-sharoitlar (ota-onasining maʼlumot turi, ish tartibi, moddiy hamda oilaviy ahvoli va boshqalar) yaratish imkoniyatini eʼtiborga oladi.

Sud 10 yoshga toʼlgan bolaning ota-onasining qaysi biri bilan yashash istagi borligini ham eʼtiborga olishi mumkinligi belgilab qoʼyilgan.

Hech kimning oilasi bir-biriga oʼxshamagan holda, barchaning oʼz qarashlari, maʼnaviyati, maʼrifati va fikrlash doirasi mavjud boʼlib, sudning tashabbusi oqibatida taraflar oʼzaro kelishgan holda ham farzand tarbiyasida toʼliq ishtirok etib kelmoqda.

Jumladan Oybek ismli fuqaro javobgar qaynonasi Maftuna ismli fuqaroga nisbatan Sevara ismli oʼz farzandini tarbiyasiga va qaramogʼiga olishlikni soʼrab fuqarolik sudiga murojaat qilgan.

Sud jarayonida va ish hujjatlarida daʼvogar turmush oʼrtogʼi bilan ajrashganligini, turmush oʼrtogʼi bolasini oʼz onasiga yaʼni yigitning qaynonasiga tashlab ketganligini, farzandini ota sifatida oʼz tarbiyasiga olishlikni soʼragan boʼlsada, lekin sud jarayonida va tuman Halq taʼlimi boʼlimi vasiylik va homiylik organining xulosasi hamda tuman Reabilatsiya va ijtimoiy moslashuv markazining psixolog mutaxassislarining xulosasida bola otasi bilan 4-5 yillar davomida birga yashamaganligini, yigitning aliment qarzdorligi kattaligini, yigitning boshqa oilasi borligini, undan farzandlari ham borligini, farzandi qiz bola ekanligini, koʼproq buvisi bilan birga yashaganligini, buvisining nabirasining barcha darslaridan xabar olib turganligi aniqlangan.

Natijada daʼvogar oʼz daʼvo talabini oʼzgartirib, farzandini yaxshi tarbiya topib kelayotganligini xabardor boʼlib, Oʼzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 44-moddasidan kelib chiqib, daʼvogar bildirilgan talablarning asosini yoki predmetini oʼzgartirib, bola bilan uchrashib turish haqida daʼvo arizasiga almashtirildi va sudning hal qiluv qarori bilan daʼvogar Oybek 26.03.2014 yilda tugʼilgan farzandi Sevara bilan uchrashish va ularning tarbiyasiga ishtirok etish maqsadida har oyning birinchi va toʼrtinchi haftaning shanba kuni soat 13.00 dan yakshanba kuni 15.00 ga qadar onasiga qaytarish sharti bilan belgilab berilgan.

Аlbatta, har bir oilada er-xotin tinch-totuv, ahil-inoq ravishda, baxt nashidasini surib yashashi ayni muddaodir. Buning uchun hamma harakat qilish lozim.

 

Kamol Namazov 

Sirdaryo viloyat sudining

Fuqarolik ishlari boʼyicha sudьyasi     

Iskandar Аbduraxmanov

Sirdaryo viloyat sudining sudьya katta yordamchisi

Korrupsiya – milliy xavfsizlikka tahdid

O‘zbekiston Respublikasini rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqishda davlat va jamiyat hayotining barcha soxalarida korrupsiyaga qarshi kurashish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakillantirish muhim hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning tashabbusi bilan mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish soxasida qonun hujjatlari, shu jumladan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinib, bu soxada huquqiy asos yaratilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017 yil 2 fevraldagi PQ-2752-sonli Qarori bilan 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturi tasdiqlandi.
Ushbu Qaror va Dasturga asosan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qoidalarining samarali ijrosini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tuzildi.
Ushbu Komissiyaning asosiy vazifalari etib, -korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarining va boshqa dasturlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish; -korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va hamkorligini ta’minlash; -aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish; -korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishga, ularni aniqlashga, ularga chek qo‘yishga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar samaradorligi oshirilishini ta’minlash; -korrupsiyaning holati va tendensiyalari to‘g‘risidagi axborotni yig‘ish hamda tahlil etish; -korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohadagi mavjud tashkiliy-amaliy va huquqiy mexanizmlarning samaradorligini baholash; -korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va ushbu sohadagi ishlarni yaxshilash yuzasidan takliflar tayyorlash; -korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish kabi vazifalarni ijrosini ta’minlash kabi vazifalarni amalga oshirish belgilandi.
Jamiyat rivojlanish bosqichida korrupsiya illati dastlab iqtisodiyot asoslariga qarshi qaratilgan salbiy hodisa sifatida baholangan. Bunda, muayyan iqtisodiyot sub’ektlariga prifrensiyalar berish, soliqlarni yashirish, nazorat qilinmaydigan (ya’ni soliq hisoblanmaydigan) xufiya iqtisodiyotni yaratish va shu kabi holatlarga imkon beruvchi shart-sharoit sifatida rivojlangan bo‘lsa, korrupsiyaning bugungi kun holatida nafaqat iqtisodiyot asoslariga, balkim, hokimiyat, boshqaruv va jamaoat birlashmalari organlarining normal faoliyatiga qarshi qaratilgan jinoiy hodisa sifatida baholanmoqda.
Poraxo‘rlik – boshqaruv organlari va jamoat birlashmalari faoliyati tartibiga qarshi qaratilgan uch mustaqil mansab jinoyatlari – pora olish, pora berish va pora olish berishda vositachilik qilishni o‘zi ichiga oladigan atama. Ko‘rsatilgan manfaatlarga nisbatan sanab o‘tilgan har bir tajovuz tugatilgan qilmish sifatida boshqa jinoyat bilan bog‘liq bo‘lmagan holda sodir etilishi mumkin emas. Ular ushbu tufayli bir-biri bilan shu darajada bog‘liq bo‘ladiki, pora olish faktining mavjud emasligi pora berish faktini ham istisno etadi.
Hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi boshqa barcha jinoyatlar kabi poraxo‘rlik davlat organlari va mansabdor shaxslardan iborat bo‘lgan boshqaruv ommaviy apparatining normal faoliyat yuritishiga tajovuz qiladi.
Mazkur jinoyatning ijtimoiy xavfliligi shu bilan izohlanadiki, pora olish mansabdor shaxslar tomonidan o‘zlarining mansab vakolatlarini ijro etishning o‘rnatilgan tartibini keskin o‘zgartiradi va bu bilan davlat xizmati manfaatlarini qo‘pol buzadi. Pora korrupsiya – hokimiyat va boshqaruv asoslarini yemiradigan, uning aholi oldidagi obro‘siga putur yetkazadigan, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlariga daxl qiladigan xavfli jinoiy hodisaning nisbatan ko‘p tarqalgan va o‘ziga xos hodisasi hisoblanadi.

Nodirbek Sangirov,
Sirdaryo tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi
Fayziddin Saxobiddinov,
Sirdaryo tumanlararo iqtisodiy sudi devonxona mudiri

Skip to content