MAMLAKATIMIZDA SUD-HUQUQ ISLOHOTLARINI AMALGA OSHIRISH IZCHIL DAVOM ETMOQDA

Mamlakatimizda sud-huquq sohasida belgilangan islohotlar izchil amalga oshirilayotgan bugungi kunda fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish dolzarb masalalardan biriga aylangan.

Kuni kecha 2023 yil 16 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2023 — 2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi tasdiqlandi.

Mazkur Strategiya doirasida quyidagilar odil sudlovni ta’minlashning ustuvor vazifalari etib belgilandi:

– “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish hamda uning faoliyatini xalq manfaati va inson qadr-qimmatini samarali himoya qilishga yo‘naltirish;

– adolatli sud qarorlari qabul qilinishiga erishish orqali xalqning, shu jumladan, tadbirkorlarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, har bir shaxs sud va sudyalar siymosida o‘zining ishonchli himoyachisini ko‘rishiga erishish;

– fuqarolar hamda tadbirkorlarga o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini sudlarda himoya qila olishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, sudlarning xolisligini amalda ta’minlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish;

– sudlar faoliyatini to‘liq raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, idoralararo elektron ma’lumot almashinuvini yaxshilash, sud majlislarida masofadan turib ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish;

– sudyalarning mustaqilligi va daxlsizligi kafolatlarini kuchaytirish, sudga hurmatsizlik qilish va sud ishiga aralashish holatlarining oldini olish bo‘yicha samarali mexanizmlarni ishlab chiqish;

– sud qarorlarining qat’iy ijrosini ta’minlash, bu borada davlat organlari va mahalliy hokimliklarning mas’uliyatini oshirish;

– sudyalar va sud xodimlarida yuksak muomala madaniyatini shakllantirish orqali sudga murojaat qilgan har bir fuqaro va tadbirkorda suddan, pirovardida esa davlatdan rozilik hissini uyg‘otish.

Bugungi sud-huquq sohasidagi olib borilayotgan islohotlar “Yangi O‘zbekiston – yangi sud” tamoyili doirasida – bugungi davlat siyosati, olib borilayotgan islohotlar – adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashga, sudlarda qaror chiqarish bilangina cheklanmasdan tom ma’noda nizolarni hal etishga, sudga murojaat etayotganlarni sud, jamiyat va davlatdan imkon qadar rozi etishga qaratilgandir.

N.Sangirov, Oqoltin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi