SUDLAR FAOLIYATINI TAKOMILLASHTIRISH DAVR TALABI
Bugungi kunda mamlakatimizdagi barcha islohotlar avvalo inson qadrini ulug‘lash tamoyilidan kelib chiqib amalga oshirilmoqdaki, bu islohotlarning amaldagi natijasini har bir yurtdoshimiz o‘z hayotida ko‘rmoqda. Xususan, sudlar faoliyatini tubdan isloh qilish va haqiqiy odil sudlov timizini yaratish ishlariga ham guvoh bo‘lmoqdamiz. Odil sudlov – haqiqiy holatni aniqlab, odamlar orasidagi, ular bilan jamiyat va davlat o‘rtasidagi kelishmovchilik va nizolarni faqat sud tomonidan hal etib berilishidir. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 yanvardagi PF-11-son “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda PF-12-son “Odil sudlov faoliyatini amalga oshirishni samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonlari sohani yangi bosqichga olib chiqdi. Ushbu Farmonga ko‘ra 2023 — 2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi ishlab chiqildi. Bu strategiya O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalishlari hamda istiqbolli vazifalarini belgilab berib, sohaga ilg‘or xalqaro standartlarni yanada keng joriy etish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi belgilandi. Ushbu strategiyani amalga oshirishda quyidagi vazifalar ustuvor etib belgilandi:
Oliy sud tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi bilan birgalikda jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlari qonuniy, asosli va adolatli qabul qilinganligini tekshirishning fuqarolarga qulay va soddalashtirilgan tartibini yaratish maqsadida quyidagilarni joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin:
tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyasiya yoki kassasiya tartibida qayta ko‘rib chiqish;
viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyasiya yoki kassasiya tartibida ko‘rilgan ishlarni mazkur sudlarda taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish;
viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlarni Oliy sudning sudlov hay’atlarida taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish;
yuqori instansiya sudlari tomonidan ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlarga yuborish tartibini bekor qilish va ularga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish mas’uliyatini yuklash.
Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida ularning ishiga har qanday aralashuv qat’iy jazolanishi, sudyalarning xavotirsiz ishlashi uchun davlat tomonidan barcha sharoitlar yaratilishi qayd etilsin.
Sudning mustaqilligi va sudyalar daxlsizligini ta’minlashni kuchaytirish bo‘yicha quyidagi choralar belgilansin:
sudga hurmatsizlik qilish holatlarini oldini olishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, buning uchun ma’muriy javobgarlik choralarini kuchaytirish va jinoiy javobgarlik belgilash;
sud ishlarini hal etishga aralashganlik va sud hujjatini ijro etmaganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, shuningdek, sud hujjatlarining ijro etilishini ta’minlashga qaratilgan ta’sirchan mexanizmlarni joriy etish;
odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlikka oid har bir jinoyat ishi yakuni bo‘yicha jamoatchilikni ommaviy axborot vositalari orqali majburiy ravishda xabardor qilish tartibini joriy etish.
Yuqoridagi vazifalar ijrosini ta’minlash sudning chinakam inson va uning manfaatlari himoyachisi sifatida ijtimoiy hayotimizdagi o‘rnini yuksaltiradi. Shuningdek, farmon bilan kiritilayotgan o‘zgarishlar va ishlab chiqilgan strategiya inson manfaatlari yo‘lida odil sudlov sari muhim qadam bo‘lib hisoblanadi.
Ulug‘bek Kurbanov, Sirdaryo tumanlararo iqtisodiy sudi raisi