Sud jarayonida bolalar fikri qachon inobatga olinadi?

 

Oʼzbekiston Respublikasining Oila kodeksi 73-moddasida ota-ona oʼz bolalarini tarbiyalash huquqiga ega va tarbiyalashi shartligi, ota-ona oʼz bolalarining tarbiyasi va kamoloti uchun javobgarligi, ular oʼz bolalarining sogʼligʼi, jismoniy, ruhiy, maʼnaviy va axloqiy kamoloti haqida gʼamxoʼrlik qilishlari shartligi belgilab qoʼyilgan.

Ota-ona oʼz bolalarini tarbiyalashda boshqa barcha shaxslarga nisbatan ustun huquqqa ega boʼlib, ota-ona bolalarining qonun hujjatlarida belgilangan zarur darajada taʼlim olishini taʼminlashi shartligi ham koʼrsatilgan.

Halqimiz azaldan oilani muqaddas sanab kelib, oila — hayot abadiyligi va avlodlar davomiyligini taʼminlovchi qadriyatlar beshigi, kelajak avlodlar uchun betakror tarbiya qoʼrgʼoni ekanligini doim targʼib etib kelgan. Har bir inson oilada tugʼiladi va voyaga yetadi. Shunday ekan har bir bolaning kelajakda kim va qanday inson boʼlib kamol topishida oila muhim oʼrin tutadi.

Lekin hayot doim bir xil silliq oʼtmasligi xammaga ayon boʼlib, bugungi kunda arzimagan narsalar yoki biror bir sabab bilan oilaviy ajrimlar boʼlib, ularning oʼrtalaridagi farzand tarbiyasi muammoli holat boʼlib kelmoqda.

Natijada hozirgi kunda ikki oila yaʼni er va xotin oilaviy ajrimdan soʼng bir-biriga nafrat va gʼazab koʼzi bilan qarashligi, ikki avlod vakillari qaynona va qaynota, qayni va qaynogalar, kayin opa va qayin singillar jigarlarini va nabiralarini koʼrish ilinjida yursada, lekin ikkinchi tomonning ushbu talablariga oʼzaro rad etishligi, bir-biri bilan yuzlashish, gaplashish chogʼida biror bir huquqbuzarlikni sodir boʼlishi, bir-birini haqorat qilishi, mahallada esa ortiqcha notinchliklarning vujudga kelishligini kuzatib turibmiz.

BMTning “Bola huquqlari toʼgʼrisida”gi Konventsiyasining 12-moddasiga koʼra, oʼzining qarashlarini shakllantirishga qodir bola unga taʼsir etishi mumkin boʼlgan har qanday sud va maьmuriy ishlarda bevosita yoki qonuniy vakil orqali oʼz fikrini bildirish huquqiga ega. Mazkur huquq quyidagi ikkala holatga ham taaluqli – yaʼni bola bevosita sud ishtirokchisi boʼlgan fuqarolik ishlari va boshqa shaxslar tomonidan berilgan daʼvo arizasi asosida va bolaga taʼsir etishi mumkin boʼlgan sud ishlari (farzandlikka olish, ota-onasi alohida yashasa, bola kim bilan yashashini hal qilish va h.k).

Oʼzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 68-moddasiga muvofiq oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda bola oʼz fikrini ifoda qilishga, shuningdek har qanday sud muhokamasi yoki maьmuriy muhokama davrida soʼzlashga haqlidir.

Bolaning sudda oʼz fikrini bildirish huquqiga oid tushuntirishlarni Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qarorlarida ham kuzatish mumkin.

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sud Plenumining 2013 yil 11 dekabrdagi “Sudlar tomonidan farzandlikka olish haqidagi ishlar boʼyicha qonunchilikni qoʼllash amaliyoti toʼgʼrisida”gi qaroriga muvofiq oʼn yoshga toʼlgan bolani ishga qatnashishga jalb qilish masalasini hal etishda sud Oila kodeksining bola har qanday sud muhokamasi davrida soʼzlashga haqliligini nazarda tutuvchi 68-moddasi qoidalaridan kelib chiqishi lozim. Bolaning sudda ishtiroki unga noxush taʼsir etishi mumkinligini koʼrsatuvchi asoslar mavjud deb hisoblanganda, sud ushbu masala boʼyicha vasiylik va homiylik organining fikrini aniqlamogʼi lozim.

Bundan tashqari 1998 yil 11 sentyabrdagi Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Bolalar tarbiyasi bilan bogʼliq boʼlgan nizolarni hal qilishda sudlar tomonidan qonunlarni qoʼllash amaliyoti toʼgʼrisida”gi 23-sonli qaroriga koʼra sud boshqa-boshqa turadigan ota-onalar oʼrtasida boʼlgan ularning qaysi biri bilan qaysi bolasi yashash uchun qolishi toʼgʼrisidagi nizolarni hal etishda Oʼzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 71-moddasida belgilangan ota va onaning huquq va majburiyatlarining tengligiga asoslangan holda, voyaga yetmagan bolalarning manfaatlariga va xohishlariga mos keladigan hal qiluv qarori chiqarishi lozim.

Bunda sud ota-onadan birining moddiy-maishiy ahvoli ustunligining oʼzi bolani unga olib berish uchun asos boʼla oladigan shart hisoblanmasligini nazarga olgan holda, bolaning ota-onadan, aka-uka, opa-singillaridan qaysi biriga bogʼlanib qolganligini, ota-onadan qaysi biri bolalariga nisbatan koʼproq gʼamxoʼrlik va eʼtibor koʼrsatayotganligini, bolalarning yoshini va ota-onadan qaysi biriga koʼngil qoʼyganligini, ota-onaning axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlarini, ota-onaning har biri bilan bola oʼrtasidagi munosabatlarni, bolani tarbiyalash va uning kamoloti uchun shart-sharoitlar (ota-onasining maʼlumot turi, ish tartibi, moddiy hamda oilaviy ahvoli va boshqalar) yaratish imkoniyatini eʼtiborga oladi.

Sud 10 yoshga toʼlgan bolaning ota-onasining qaysi biri bilan yashash istagi borligini ham eʼtiborga olishi mumkinligi belgilab qoʼyilgan.

Hech kimning oilasi bir-biriga oʼxshamagan holda, barchaning oʼz qarashlari, maʼnaviyati, maʼrifati va fikrlash doirasi mavjud boʼlib, sudning tashabbusi oqibatida taraflar oʼzaro kelishgan holda ham farzand tarbiyasida toʼliq ishtirok etib kelmoqda.

Jumladan Oybek ismli fuqaro javobgar qaynonasi Maftuna ismli fuqaroga nisbatan Sevara ismli oʼz farzandini tarbiyasiga va qaramogʼiga olishlikni soʼrab fuqarolik sudiga murojaat qilgan.

Sud jarayonida va ish hujjatlarida daʼvogar turmush oʼrtogʼi bilan ajrashganligini, turmush oʼrtogʼi bolasini oʼz onasiga yaʼni yigitning qaynonasiga tashlab ketganligini, farzandini ota sifatida oʼz tarbiyasiga olishlikni soʼragan boʼlsada, lekin sud jarayonida va tuman Halq taʼlimi boʼlimi vasiylik va homiylik organining xulosasi hamda tuman Reabilatsiya va ijtimoiy moslashuv markazining psixolog mutaxassislarining xulosasida bola otasi bilan 4-5 yillar davomida birga yashamaganligini, yigitning aliment qarzdorligi kattaligini, yigitning boshqa oilasi borligini, undan farzandlari ham borligini, farzandi qiz bola ekanligini, koʼproq buvisi bilan birga yashaganligini, buvisining nabirasining barcha darslaridan xabar olib turganligi aniqlangan.

Natijada daʼvogar oʼz daʼvo talabini oʼzgartirib, farzandini yaxshi tarbiya topib kelayotganligini xabardor boʼlib, Oʼzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 44-moddasidan kelib chiqib, daʼvogar bildirilgan talablarning asosini yoki predmetini oʼzgartirib, bola bilan uchrashib turish haqida daʼvo arizasiga almashtirildi va sudning hal qiluv qarori bilan daʼvogar Oybek 26.03.2014 yilda tugʼilgan farzandi Sevara bilan uchrashish va ularning tarbiyasiga ishtirok etish maqsadida har oyning birinchi va toʼrtinchi haftaning shanba kuni soat 13.00 dan yakshanba kuni 15.00 ga qadar onasiga qaytarish sharti bilan belgilab berilgan.

Аlbatta, har bir oilada er-xotin tinch-totuv, ahil-inoq ravishda, baxt nashidasini surib yashashi ayni muddaodir. Buning uchun hamma harakat qilish lozim.

 

Kamol Namazov 

Sirdaryo viloyat sudining

Fuqarolik ishlari boʼyicha sudьyasi     

Iskandar Аbduraxmanov

Sirdaryo viloyat sudining sudьya katta yordamchisi