Mamlakatimizda oila va xotin-qizlarni tizimli qoʼllab-quvvatlashga doir ishlar yanada takomillashtiriladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan soʼnggi 5 yil ichida mamlakatimizda oila va xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sogʼligʼini saqlash, kasbga oʼqitish va bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, gender tenglikni taʼminlash borasida bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi.

Shu jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʼllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PF-87-sonli Farmoni qabul qilinishi ham istisno emas.

Mazkur Farmon bilan 2022 – 2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʼyicha Milliy dastur va 2022 -2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʼyicha Milliy dasturni 2022-2023 yillarda amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan.

Shu bilan birga ushbu Farmon bilan xotin-qizlarning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʼyicha chora-tadbirlar amalga oshirish bilan bir qatorda ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bilan bogʼliq bir nechta vazifalar va chora-tadbirlar amalga oshirish belgilangan.

Jumladan, Majburiy ijro byurosi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Аliment toʼlovlari” davlat maqsadli jamgʼarmasi tashkil etilishi va unga Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʼarmasi mablagʼlari hisobidan 50 milliard soʼm ajratilishi;

– sud qarori bilan aliment toʼlash majburiyati yuklatilgan shaxslardan belgilangan mablagʼlarni uch oy ichida undirish imkoni boʼlmagan hollarda “Аliment toʼlovlari” davlat maqsadli jamgʼarmasi mablagʼlari aliment toʼlovlari boʼyicha shakllangan qarzdorlikni bir yoʼla toʼlash uchun yoʼnaltirilishi hamda keyinchalik aliment toʼlash majburiyati yuklatilgan qarzdordan sud qarorisiz majburiy tartibda undirib olinishi;

– aliment boʼyicha qarzdorlik mavjud boʼlganda qarzdorlik toʼliq bartaraf etilguniga qadar qarzdorning transport vositasini boshqarish huquqini vaqtincha cheklash; qarzdorga litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega boʼlgan davlat xizmatlarini vaqtincha koʼrsatmaslik; aliment boʼyicha qarzdorlik mavjudligini nikoh tuzish uchun monelik qiladigan holat sifatida belgilangan.

Shuningdek, mazkur Farmonda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish hamda ularni tazyiq va zoʼravonlikdan keng himoya qilish maqsadida:

– tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi order sud tomonidan bir yil muddatgacha berilishini belgilash;

– chet el fuqarosi Oʼzbekiston Respublikasi hududida aliment majburiyatlarini bajarmaganlik uchun sudlangan yoki maʼmuriy javobgarlikka tortilgan boʼlsa, unga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasidan chiqarib yuborish va Oʼzbekiston Respublikasiga kirish huquqini cheklash boʼyicha majburlov choralarini qoʼllamaslik;

– ayolni oʼz homilasini sunʼiy ravishda tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;

– yaqin qarindoshi boʼlgan xotin-qizga qasddan tan jarohati yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;

– shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, shaʼni va nomusini kamsituvchi maʼlumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash;

– ikki oydan ortiq muddat mobaynida moddiy yordamga muhtoj boʼlgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy taʼminlashdan boʼyin tovlagan shaxsga nisbatan haq toʼlanadigan jamoat ishlariga yoki boshqa ishga majburiy jalb qilish tarzidagi maʼmuriy huquqbuzarlikka oid jazo turini belgilash nazarda tutilgan.

Xotin-qizlarni tizimli qoʼllab-quvvatlashga doir ishlar yanada takomillashtirish maqsadida:

– xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash;

– xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish;

– jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan va ixtisoslashtirilgan oʼquv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanayotgan xotin-qizlarni qoʼllab-quvvatlash;

– chet elga ishlash uchun ketgan xotin-qizlarni qoʼllab-quvvatlash, odam savdosining oldini olish;

– xotin-qizlarning manfaatlarini himoya qilish, onalik va bolalikni muhofaza qilish boʼyicha qabul qilingan xalqaro konventsiyalar va milliy qonunchilik normalari ijrosini monitoring qilish kabi chora-tadbirlar belgilangan.

Farmonda belgilangan vazifalar va mazkur vazifalar asosida qabul qilinadigan qonun hujjatlari oila va xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, ular orasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikni oldini olish, ularning huquqiy kafolatlari va gender tenglikni taʼminlash uchun zamin yaratadi.

S.Rustamov

Sirdaryo viloyat maʼmuriy

sudining sudьyasi