Taraqqiyot strategiyasi: sud-huquq sohasidagi islohotlarning yangi bosqichi
Mamlakatni modernizatsiya qilishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sud tizimini izchil demokratlashtirish, sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlashdir.
O‘tgan besh yil davomida 2017–2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi asosidagi islohotlar sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudlarning fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi roli va ahamiyatini oshirishga zamin yaratdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 fevraldagi PF-60-son “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonining qabul qilinishi yuqorida qayd etilgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Taraqqiyot strtegiyasida davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish hamda fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish asosiy maqsadlardan biri qilib belgilangan.
Xususan, ma’muriy sudlarda mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tizimini takomillashtirish orqali sud nazoratini qo‘llash sohasini kengaytirish nazarda tutilmoqda.
Sud protsessida tomonlarning haqiqiy tenglik va tortishuvlik tamoyillarini ro‘yobga chiqarish, bu borada protsessual qonunchilikda advokatning vakolatlarini, jumladan, dalilarni to‘plash va taqdim etish vakolatlarini kengaytirish nazarda tutilgan bo‘lib, mazkur vazifalar adolatli sud muhokamasi bo‘yicha xalqaro standartlarga to‘la muvofiq keladi.
Farmonga muvofiq, sudlar tizimida “yagona darcha” tamoyilini keng joriy etish maqsadida arizalarni sudga taalluqliligidan qat’iy nazar qabul qilish va vakolatli sudga yuborish hamda muayyan ish doirasida barcha huquqiy oqibatlarni hal qilishni ta’minlash tizimini joriy etish maqsadlari belgilandi.
Bunda fuqaro va tadbirkorlarni “eshikma-eshik sarson bo‘lishiga chek qo‘yish” maqsadida sudga berilgan da’vo arizasini taalluqli emasligi asosi bilan qaytarish ta’qiqlanadi, da’vo arizasini qabul qilgan sudning o‘zi uni ko‘rib chiqishga vakolatli sudga o‘tkazish nazarda tutiladi.
Shu bilan birga, sud tizimini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, byurokratik g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etish orqali fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini tubdan oshirish bo‘yicha ham aniq vazifalar belgilandi.
Jumladan, sud tizimini raqamlashtirish sudlarda ishlarni tez va sifatli ko‘rib chiqishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘lib, xalqaro maydonda O‘zbekistonning nufuzini oshirishda ham muhim o‘rin tutadi. Endilikda sud muhokamasida onlayn ishtirok etish, sudga murojaat qilish va ko‘plab shunga o‘xshash xizmatlarni elektron tarzda amalga oshirish imkoni yaratilmoqda.
2022 yil 1 yanvardan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga da’vo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda taqdim etish amaliyoti joriy etildi.
“Xabeas korpus” institutini yanada rivojlantirish orqali tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish belgilangan bo‘lib, sud nazorati – jinoyat protsessida shaxsning sud himoyasida bo‘lish konstitutsiyaviy huquqini ta’minlash hamda protsess ishtirokchilari va fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan, ishni sudga qadar yuritish uchun vakolatli mansabdor shaxslarning iltimosnomalari va manfaatdor shaxslarning shikoyatlarini sud tomonidan ishni sudga qadar yuritish jarayonida ko‘rib chiqilishi va hal qilinishi orqali qonunan belgilangan protsessual shaklda amalga oshiriladigan faoliyatdir. Sud nazorati orqali ishni sudga qadar yuritish jarayonida qonuniylik ta’minlanadi.
Bundan tashari, nizolarni hal etishning muqobil usullaridan keng foydalanish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, yarashuv institutini qo‘llash doirasini yanada kengaytirish taraqqiyot strategiyasida belgilangan muhim vazifalardan biri bo‘lib, nizoni sudgacha olib bormasdan o‘zaro maqbul kelishuvga erishgan holda hal qilish imkoniyati ta’minlanadi.
Xulosa o‘rnida shuni alohida qayd etish lozimki, mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilgan tizimli va salmoqli islohotlar o‘tgan davr mobaynida sud hokimiyatni mustaqil va alohida hokimiyat tarmog‘i sifatida tashkil etish, uni jazolash organidan inson huquq va erkinliklarini muhofaza qiluvchi hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qiluvchi mustaqil institutga aylantirdi.
2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistoning taraqqiyot strategiyasi “Inson qadri uchun”, “Davlat – inson uchun” degan ezgu g‘oyalarni hayotga joriy etishga yo‘naltirilgan bo‘lib, sudlar faoliyatini yanada takomillashtirib, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlanishga xizmat qiladi.
Mirzohid Xaydarov
Sirdaryo viloyat ma’muriy sudining sudyasi