ISHONCHNOMA QANDAY RASMIYLASHTIRILISHINI BILASIZMI?

O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksining 134-moddasidan 144-moddasigacha – ishonchnoma, uning shakli, muddati, bekor bo‘lish asoslari qayd etilgan.

Ishonchnoma bu – bir shaxs (ishonch bildiruvchi) tomonidan ikkinchi shaxsga (ishonchli vakilga) uchinchi shaxslar oldida vakillik qilish uchun berilgan yozma vakolat ishonchnoma hisoblanadi. Ishonchli vakil o‘ziga ishonchnoma bilan berilgan vakolatlar doirasida ish olib boradi.

Yuridik shaxs nomidan, shuningdek yuridik shaxsga ham ishonchnoma faqat yuridik shaxsning ustavida (nizomida) ko‘rsatilgan faoliyat maqsadlariga zid bo‘lmagan bitimlarni tuzish uchungina berilishi mumkin.

Ishonchnoma oddiy yozma shaklda yoki notarial shaklda rasmiylashtiriladi.

Notarial shaklni talab qiluvchi bitimlarni tuzish yoxud yuridik shaxslarga nisbatan harakatlarni amalga oshirish uchun berilgan ishonchnoma notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

Gospitallarda, sanatoriylarda va boshqa harbiy-davolash muassasalarida davolanayotgan harbiy xizmatchilarning hamda boshqa shaxslarning shu muassasalarning boshliqlari, ularning tibbiy qism bo‘yicha o‘rinbosarlari, katta va navbatchi shifokorlari tomonidan tasdiqlangan ishonchnomalar ham notarial tasdiqlangan ishonchnomalarga tenglashtiriladi.

Yuridik shaxs nomidan beriladigan ishonchnoma rahbar tomonidan imzolanib, unga ushbu yuridik shaxsning muhri (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) bosiladi.

Davlat mulkiga asoslangan yuridik shaxs nomidan pul va boshqa mulkiy boyliklarni olish yoki topshirish uchun beriladigan ishonchnoma shu yuridik shaxsning bosh (katta) buxgalteri tomonidan ham imzolanishi kerak.

Ishonchnoma ko‘pi bilan uch yil muddatga berilishi mumkin. Agar ishonchnomada muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, u berilgan kundan boshlab bir yil mobaynida o‘z kuchini saqlaydi. Berilgan kuni ko‘rsatilmagan ishonchnoma haqiqiy emas sanaladi.

Notarius tomonidan tasdiqlanib, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida harakatlarni amalga oshirishga mo‘ljallangan, amal qilish muddati ko‘rsatilmagan ishonchnoma uni bergan shaxs tomonidan bekor qilingunicha o‘z kuchini saqlab qoladi.

Ishonchnomaning amal qilishi – quyidagi hollarda bekor bo‘ladi: ishonchnoma muddatining tamom bo‘lishi; ishonchnoma bergan shaxsning uni bekor qilishi; ishonchnoma berilgan shaxsning bosh tortishi; nomidan ishonchnoma berilgan yuridik shaxs faoliyatining to‘xtatilishi; nomiga ishonchnoma berilgan yuridik shaxs faoliyatining to‘xtatilishi; ishonchnoma bergan fuqaroning muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yo‘qolgan deb hisoblanishi, yoxud uning vafot etishi va ishonchnoma olgan fuqaroning muomalaga layoqatsiz, muomalaga layoqati cheklangan yoki bedarak yo‘qolgan deb hisoblanishi, yoxud uning vafot etishi.

Ishonchnoma bergan shaxs istagan vaqtda ishonchnomani bekor qilishi, ishonchnoma berilgan shaxs esa — undan voz kechishi mumkin. Ishonchnomaning amal qilishi bekor bo‘lishi bilan uni boshqa shaxsga o‘tkazish ham o‘z kuchini yo‘qotadi.

Ishonchnomaning amal qilishi bekor bo‘lganidan keyin ishonchnoma olgan shaxs yoki uning merosxo‘rlari (huquqiy vorislari) darhol ishonchnomani qaytarib berishlari shart.

Nodirbek Sangirov,

Sirdaryo viloyati sudining  sudyasi